Kanadalik olimlar keng ko‘lamli tadqiqotlar natijasida oyparastlik (lunatizm) irsiy kasallik ekanligini aniqladi, deya xabar bermoqda “Nur.kz”.
Agar bolaning otasi yoki onasi uyqusida noodatiy xatti-harakatlarga moyil bo‘lsa, bolaning oyparast bo‘lishi ehtimoli oddiy ota-onalar farzandlariga nisbatan uch barobar yuqoridir. Agar ota-onaning har ikkisi ham somnambulizmdan azob cheksa, u holda bolaning bu kasallikni meros qilib olishi ehtimoli yetti barobar yuqoridir.
Tadqiqotlar chog‘ida olimlar Kanadaning Kvebek provinsiyasida 1997—1998-yillarda tug‘ilgan 2000 nafar bola haqidagi ma’lumotlarni o‘rganib chiqdi. Ular ustidan 2 yildan 13 yilgacha, 2011-yilga qadar doimiy kuzatuv olib borildi.
Oiladagi kasalliklar tarixini o‘rganib, tadqiqotchilar ota-onasi oyparast bo‘lmagan bolalarning 22,5 foizi umrida bir marta bo‘lsa ham uyqusida turib yurganini aniqladi. Ota-onasidan biri oyparastlikdan azob chekuvchi bolalar orasida esa ushbu ko‘rsatkich 47,4 foizni tashkil etdi. Har ikkala ota-onasi somnambulizmga duchor bo‘lgan bolalarning 61,5 foizi bunday kasallikka moyil bo‘lib chiqdi.
Hozircha olimlar qaysi gen oyparastlik uchun javob berishini bilmaydi, biroq kasallikning irsiy ekanligi haqidagi ma’lumot ota-onalar uchun zarur va foydali ekanligiga ishonchi komil. Ular muntazam bo‘lmagan uyqu grafigi, to‘yib uxlamaslik, xonada shovqin bo‘lishi kabi bolalarda oyparastlik yuzaga kelishiga turtki bo‘luvchi omillardan farzandlarini himoya qilishga chaqirdi.