Har bir millatning o'zini kaboblari va pishirish turlari mavjud. Amerikaliklarda barbekyu, turklarda shish, kavkazlarda shashlik bo'lsa o'zbeklarda kaboblar mashhur. Nega kabob emas, aynan kaboblar? Milliy oshxonamiz turli tuman kabob turlariga boy. Sahifamizni mana shu kabob turlaridan eng oddiy, ammo hammaga mashhuru‑manzur mol go'shti kabobini tayyorlashdan boshlamoqchimiz. Kabob tayyorlashning aniq bir uslubi bo'lmasa kerak, uni hamma o'z bilgan usulda hozirlasa kerak. Biz uy sharoitida pishirishga qulay va oddiy bo'lgan ta'rifini keltirib o'tamiz. "Six ham kuymasin, kabob ham”, deganlar dono xalqimiz. Kabob yumshoq hamda mazali bo'lishi uchun chiqishining sirlaridan biri − bu go'shtning kerakli joyini tanlay bilish. Go'sht rastasida qassoblarda kabob uchun go'sht desangiz, o'zlari bilib berishadi. Qassoblar va mahalliy aholi go'shtning kabobga atalgan eng yumshoq va mazali qismini antrikot deyishadi. Endi kabobga hozirlik qismiga o'tsak
:Kerakli mahsulotlar:
Mol go'shti − 1 kg
Dumba − 300 gr(agar dumba topish imkoni bo'lmasa buyrak yog'i)
Piyoz − 2 bosh Gazli suv − 0,5 l Ta'bga ko'ra tuz, zira, kashnich urug'i, murch. Ba'zilar arpa bodyonni yanchib solishadi.
Tayyorlanishi:
Go'shtni eng avval har xil parda va paylardan tozalab, so'ngra 3-4 sm qalinlikda nimtalanadi. Nimtalangan go'shtni biroz urib latlab olsangiz yanada yumshoq chiqadi. Latlangan go'sht nimtasini imkon qadar bir xil hajmda, 3-4x3-4 sm kubik shaklida to'g'rab olinadi. Yarim halqa shaklida to'g'ralgan piyozni, kubik shaklida to'g'ralgan go'shtga qo'shib, ta'bga ko'ra tuz va ziravorlar hamda gazli suv qo'shib yaxshilab ezib aralashtiriladi va 6-7 soat muzlatgichga qo'yiladi.
Tayyor bo'lgan go'shtni 4-5 bo'lagini, har bir go'shtni orasiga xuddi shu shaklda to'g'ralgan dumba bilan sixdan o'tkazib, qizarib turgan cho'g'ga qo'yib pishiriladi.
Odatda pishgan kaboblarni piyoz va sirka bilan dasturxonga tortiladi.