Ushbu sahifada siz azizlar bilan tayyorlamoqchi bo'lganimiz tovuq kabobdir. Boshqa kaboblarni marinadlash uchun vaqt ketsa bu kabobga marinadlash uchun unchalik ko'p vaqt sarflanmaydi. Istagan vaqtda tovuq go'shtini maydalab, marinadlab sixga tortib pishirib eyishingiz mumkin. Ba'zilar tovuq go'shti quruq chiqishini va unchalik mazali bo'lmasligini aytishlari mumkin, biroq tovuq kabobini ham o'z muxlislari etarlicha topiladi. Yuqoridagi, tovuq quruq chiqishi xususdagi fikrlarga e'tirozimiz yo'q, darhaqiqat tovuqni ba'zi qismlari kabob uchun to'g'ri kelmaydi va pishganda quruq chiqishi mumkin. Kabobga tovuqni kerakli qismini ishlatishsa, kabob mazali chiqishiga zarracha shubha yo'q. Tovuq qismlari ichida kabob uchun eng ma'qul keladigan joyi bu – tovuq sonlaridir. Tovuq sonlarini kimdir suyagini ajratib, go'shtining o'zini qo'llansa, kimdir suyagi bilan tayyolashni va eyishni xush ko'radi. Biz ham bu safar suyagi bilan tayyorlaymiz. Ammo istaganlar suyagini go'shtidan ajratib tayyorlashlari mumkin.
Kerakli mahsulotlar:
Tovuq go'shti 1 kg Mayonez 2-3 osh qoshiq
Sarimsoq 4-5 bo'lak Tuz, ziravorlar ta'bga ko'ra Qizilcha (quritilgan pomidor yoki bulg'ori maydasi) Tayyorlanishi:
Tovuq oyoqlarini chopib juda ham katta va juda ham mayda bo'lmagan (20-30 gr) bo'laklarga bo'lib olamiz.
Chopib maydalangan bo'laklarni bir idishga solib, so'ngra mayonez, tuz, ziravorlar va mayda to'g'ralgan sarimsoq bo'laklari bilan aralashtiriladi.
Yuqorida ta'kidlab o'tganimizdek, bu kabobni marinadlash uchun bir necha soat kutish shart emas, lekin bir necha soatga muzlatgichda tursa ham ziyon qilmaydi. Go'sht bo'lakchalarini katta-kichikligiga, hamda sixlarning uzun-qisqaligiga qarab, har bir sixda 4-6 donadan go'sht bo'laklarini joylashtirib chiqamiz, ustidan (kaboblarni ikki tarafiga ham) qizilcha sepamiz.
Kaboblarni qizarib yonib turgan cho'g'da, har tomonini aylantirib, qizartirib pishiriladi.
Pishgan kaboblarni o'z didingizga ko'ra, istagan xolda dasturxonga tortiq qilishingiz mumkin.
Yoqimli ishtaha!