Zarur masalliqlar: 350 gr. mol go'shti, 250 gr. tovuq go'shti, 200 gr. dudlangan go'sht, yarim stakan tuzlangan karam suvi, 1/3 stakan guruch, 2 dona tuzlangan bodring, 1 bosh piyoz, 1 dona sabzi, 1-2 dona kartoshka, 1 osh qoshiq tomat, 1-2 bo'lak sarimsoqpiyoz, konservalangan zaytun mevasi, qora va qizil murch, ko'katlar, tuz.
Tayyorlanishi: 1. Qozonga yarmidan ko'proq qilib, suv soling. Tovuq go'shtini 20 daqiqa qaynating. Yuzidagi ko'pikni olishni unutmang.
2. Mol go'shti, dudlangan go'sht va tuzlangan bodringni somoncha shaklida maydalab to'g'rang. Tovuq go'shti qaynayotgan sho'rvaga go'sht mahsulotlarini solib, qaynating.
3. Guruchni ham yuvib, taomga qo'shing. Istakka ko'ra, kartoshkani ham to'rtburchak shaklda to'g'rab, solish mumkin.
4. Piyozni maydalab to'g'rab, qizdirligan o'simlik yog'ida qovuring. Qirg'ichdan o'tkazilagn sabzi va tomatni qo'shib, olovni pasaytiring. Maydalangan sarimsoqpiyozni solib, 5 daqiqa qovuring. So'ngra sho'rvaga qo'shing.
5. Sho'rvaga tuzlangan bodring, aylana shaklda to'g'ralgan zaytun mevasi va tuzli suvni solib, 10 daqiqa past olovda qaynatishda davom eting. Tuz, murch seping. Maydalangan ko'katlarni ham solib, yana besh daqiqa qaynating. Taomni kosalarga suzgach, bir bo'lak limon va 1 osh qoshiq smetana bilan dasturxonga tortsangiz bo'ladi.
Tayyorlanish vaqti: 1 soat.
4 kishilik.