Ba'zi taomlar, shirinliklar borki, ular barcha millat oshxonasida qadrli o'rin olishgan, ushbu biskvitli rulet ham aynan ana shunday barcha millat oshxonasi kabi, bizning diyorlarda ham sevib iste'mol qilinadi.
Tayyorlanishi u qadar ham murakkab ham emas, masalliqlar hozir bo'lsa uzog'i bilan yarim soatda tayyorlash mumkin.
Ichiga esa har kim istaganini surtishi mumkin.
Kerakli mahsulotlar:
1) Tuxum – 10 ta 2) Shakar – 300 gr 3) Un – 300 gr 4) Murabbo yoki mevali shinni – 500-600 gr
Tayyorlanishi
Avvalo tuxum va shakarni bir idishga solib mikser bilan ko'pirtirib olish lozim
.
Tuxum va shakar ko'pirgach va ko'tarilgach, mikser tezligini sekinlashitirib, oz-ozdan unni qo'shib aralashtiriladi. Uzoq vaqt aralashtirish shart emas, un aralashib ketsa etadi, uzoq aralashtirilganda qo'parilgan ko'pik yana qayta cho'kishi, pasayishi mumkin.
Aralashmani, dimxona katta yoki kichikligiga qarab ikki yoki uch patnislariga pergament (maxsus pishiriq qog'ozi) yoyib teng taqsimlanadi.
Va ularni ehtiyotkorlik bilan, imkon qadar bir tekisda qo'l bilan yoyib chiqiladi. Endi 250 darajadan yoqori bo'lgan xaroratdagi dimxonaga qo'yib 4-5 daqiqa mobaynida ustini tilla rang bo'lgunga qadar pishirib, qizartirib olinadi.
Pishgan mahsulotni bir 1-2 daqiqa sovitish lozim, lekin juda ham sovishi kerak emas, chunki bu o'rashda qiyinchilik tug'dirishi va sovib, qurib, qotib qolsa, o'raganda sinib ketishi mumkin.
Biroz sovugach ruletimizni ag'darish va ichiga murabbo yoki boshqa bir mevali shinni surtiladi.
Tayyor bo'lgan ruletlarni ta'bingizga ko'ra bezatib, istasangiz ustiga shakar kukuni sepib, istasangiz xar xil mevali qiyomlar ila bezatib dasturxonga tortiq qilishingiz mumkin.
Yoqimli ishtaha!