Zarur masalliqlar (10-15 kishilik) : 80 gr. sariyog', 100 gr. sut, 250-300 gr. un, 3 dona tuxum sarig'i, 3-4 osh qoshiq shakar, 1 osh qoshiq xamirturush.
Makli masalliq uchun: 250 gr. mak urug'i, 500 ml. qaynagan suv, 3 dona tuxum oqi, 50 gr. mayiz, yarim st. yong'oq,1 osh qoshiq asal, 1 osh qoshiq sariyog', bitta apelsin qirindisi. Bezak uchun: 1 st. qand upasi, 4-5 osh qoshiq qaynagan suv.
Tayyorlash:
1). Iliq sutga xona haroratida erigan sariyog', tuxum sarig'i, shakar, xamirturush va un solib, yaxshilab aralashtiring-da, yumshoq oshirma xamir tayyorlang. Xamir ko'tarilishi uchun issiqroq joyga oling.
2). Mak urug'i ustidan qaynagan suv quyib, uni 10 daqiqaga qoldiring. So'ng blenderda ezg'ilang. Makli aralashmaga tozalangan mayiz, yong'oq, xona haroratida erigan sariyog', apelsin qirindisi va asal qo'shing. Oshirma xamir tayyor bo'lishidan sal avval tuxum oqini mikserda ko'pirtirib, makli aralashma bilan birlashtirasiz.
3). Oshirma xamirni tekis yoyib, ustidan makli “nachinka”ni soling. Xamir yumshab qolmasidan rulet holiga keltirib, o'rab chiqing. So'ng uzunasiga uch bo'lakka ajratib, gaz pechi patnisiga oling. Shu tariqa sizda uchta rulet hosil bo'ladi. Rulet qizdirilgan gaz pechida 40-45 daqiqa pishiriladi.
4). Qand upasiga qaynoq suv aralashtirib, “oq glazur” tayyorlang. Rulet pishishi bilanoq ustidan glazurning yarmini surting. Biroz sovugach, qolganini ham surtasiz.
Tayyorlash vaqti : 1,5 soat.